TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Shavkat Mirziyoyev Xorazm yoshlari bildirgan takliflarni qo‘llab-quvvatladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyatiga tashrifi chog‘ida viloyat yoshlari bilan alohida suhbatlashdi. Davlat rahbari yoshlarning takliflari bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi. Kun.uz muxbiri yoshlarning ayrimlari bilan bildirilgan takliflar bo‘yicha suhbatlashdi.

Toshkent tibbiyot akademiyasi Urganch filiali talabasi Ozoda Ismoilova:


 
«Muloqotda tibbiyot oliygohlarida maxsus xalq tabobati fanlarini joriy qilish taklifini bildirdim. Xalq tabobati hozirda bizda alohida fan sifatida mavjud emas. Faqatgina ayrim fanlar ichida qisqa soatlar ajratilgan. 

Tibbiyot sohasi bizning mamlakatda tarixdan rivojlangan. Buyuk bobokalonimiz Ibn Sinoning asarlari bugun ham butun dunyoda fan sifatida o‘qitiladi. Ana shundan kelib chiqqan holda biz bo‘lg‘usi shifokorlar zamonaviy davolash usullari bilan birgalikda mahalliy giyohlar orqali tabiiy usulda bemorlarni davolashni ham o‘rgansak maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Ushbu taklifimni prezidentimiz qo‘llab-quvvatladi». 

Urganch davlat universiteti talabasi Siroj Allanazarov:  

«Qoraqalpog‘iston va Xorazm hududlarida hali o‘rganilmagan bir nechta tarixiy yodgorliklar bor. Davlat rahbari bilan uchrashuvda mazkur yodgorliklarni o‘rganish bo‘yicha Xorazm arxeologiya-etnografiya ekspeditsiyasini tashkil qilish taklifini bildirdim. Bu ekspeditsiya ilmiy tadqiqotlar bilan shug‘ullanayotgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, chet ellik sayyohlarni mamlakatimizga bo‘lgan qiziqishini oshirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli. Taklifim prezidentimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlandi».

Urganch davlat universiteti talabasi Sarvinoz Jumaniyozova:

«Hozirda oliy ta'lim muassasalarimizda tarix fanidan ta'lim oluvchi talabalar uchun tarixiy antropologiya fani mavjud emas. Bu yangi fan hisoblanadi. Shuning uchun bu yo‘nalishda mutaxassislar tayyorlanmaydi. Ushbu yo‘nalishda ilmiy qo‘llanmalar, monografiyalar va kitoblarning o‘zbek tilidagi shakli deyarli yo‘q.  Men prezidentimizga bu bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash, ularning malakasini oshirishni yo‘lga qo‘yishni taklif qildim. Bu taklifim prezidentimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlandi».  

Urganch davlat universiteti o‘qituvchisi Fazilat Masharipova:

«Men bu uchrashuvda zamonaviy va noan'anaviy turdagi maktabgacha ta'lim muassasasini tashkil qilish taklifini bildirdim. U yerda o‘zimning ilmiy tadqiqotlarimni olib borish bilan birga, bolalarga zamonaviy, professional ta'lim berishni yo‘lga qo‘yishni maqsad qilganman».